Aloqa harbiy instituti tashkil topgan kun nishonlandi

Post Thumbnail

Aloqa harbiy instituti tashkil topgan kun nishonlandi

          XX asrning 90-yillari boshlari. Oʻzbekiston mustaqillika erishib, oʻzining milliy armiyasini tubdan tashkil etishni boshlagan davrlar. Oʻsha paytlar harbiy sohada ofitser kadrlarni tayyorlash uchun hozirgi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari institutida maxsus fakultet tashkil etilgandi. Oradan yillar oʻtib, toʻgʻrirogʻi 2019-yil maxsus fakultet Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti sifatida faoliyatini boshladi.

          Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan institut bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga mutaxassis kadrlarni yetkazib berish, va ilm-fan innovatsiyalarini rivojlantirish borasida qator yutuqlarga erishib ulgurdi. Baxtiyor Rahimov, Dauletmurat Jaksimov, Fayzullo Shermatov, Nabi Boboyev, Sherzod Turopov, Oybek Mirjalolov, Botir Toʻrayev kabi oʻnlab harbiy xizmatchi olimlar axborot kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha boʻlgʻusi ofitserlarga saboq berib kelmoqda. Bugun ularning safi yana bittaga koʻpayib, Toʻlqin Nurmetov PhD doktorligi darajasiga erishdi. Unga olimlik diplomi institut rahbari boʻlib ishlagan professor Hakim Muhitdinov tomonidan tantanali topshirildi.

          Mamlakatimiz oliy harbiy taʼlim muasssasalari orasida oʻzining munosib oʻrniga ega Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etilganligi bayram sifatida nishonlandi. Bayram tadbirida turli yillar davomida yoshlarga ustozlik qilgan faxriylar, institut shaxsiy tarkibi, Qurolli Kuchlar xizmatchilari, serjant va kursantlar qatnashdi. Institut boshligʻi texnika fanlari doktori, professor, podpolkovnik Baxtiyor Rahimov yigʻilganlarga bayram tabrigini yoʻllar ekan, taʼlim muassasasi bosib oʻtgan shonli yoʻlning naqadar salmoqli ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etilgan kun munosabati bilan chop etilgan, 31 yillik tarixni oʻzida qamrab olgan kitob faxriy ustozlarga topshirildi.

Bayram kechasi yakunida Qurolli Kuchlar ashula va raqs hamda “Impuls” ansambli xonandalari ijrosida kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Bayram dasturxoni yozilib, mehmonlar institut tarixiga oid oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashdilar.