Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar o‘rtasida “Intellektual texnologiyalar smart armiyani shakllantirishning asosiy mezoni” mavzusida respublika ilmiy-texnik konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy konferensiya Qurolli Kuchlarning raqamli salohiyatini oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlash, harbiy xizmatchilarning zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yuqori malakali harbiy kadrlarni tayyorlash va davlat chegarasini qo‘riqlash tizimiga texnik jihatlarini boyitish maqsadida tashkil qilindi.

Konferensiyada Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya tizimidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarning professor-dotsentlari tomonidan harbiy xizmatchilar va talaba yoshlarga zamonaviy qurolli mojarolarda yuqori texnologik, robotlashtirilgan intellektual qurol-aslaha va harbiy texnikalar, shuningdek, aloqa harbiy tizimlarining arxitekturasi va o‘ziga xos jihatlari haqida ma’ruzalar qilindi.

Tadbirda sun’iy intellekt texnologiyalarni joriy etish istiqbollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot almashinuvida intellektual tizimlardan foydalanish va “smart armiya”ni yaratishda sun’iy intellektning o‘rni va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.