Ilmiy-amaliy jurnal
“INNOVATION TECHNOSYSTEMS” (ISSN 2181-2152) ilmiy-texnik jurnalida
chop etish uchun maqolalarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan
TALABLAR
“INNOVATION TECHNOSYSTEMS” ilmiy-texnik jurnalida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, respublika oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy ishlab chiqarish markazlari, ishlab chiqarish korxonalari va xoldinglar, aksionerlik jamiyatlarida bajarilgan hamda dolzarbligi ahamiyatga molik bo‘lgan ilmiy-amaliy tadqiqot va uslubiy ishlar natijalari nashr etiladi. Jurnal bir yilda to‘rt marotaba chop etilib, unda quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy maqolalar e’lon qilinadi:
Qurolli Kuchlar tizimida xavfsizlikni ta’minlash muammolari;
harbiy axborot tizimlarida innovatsion yondashuvlar;
ekstremal va krizis vaziyatlarda innovatsion yondashuvlar;
harbiy ta’limda zamonaviy pedtexnologiyalar va o‘qitishda innovatsion yechimlar;
boshqa sohalardagi ilmiy-tahliliy axborotlar.
Maqolani chop etishga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan
hujjatlar va ma’lumotlar
1. Chop etish uchun maqolaning qo‘lyozma matni, elektron shakli bilan birgalikda, muallifning (mualliflarning) familiyasi, ismi, otasining ismi, unvoni (ilmiy, harbiy), ish joyi, lavozimi, elektron manzillari hamda telefon raqamlari aks ettirilgan ma’lumotnoma bilan birgalikda tahririyatga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, chop etish uchun maqolalar tegishli ma’lumotlari bilan Jurnal sayti orqali yoki harbiyinstitut@inbox.uz manzili bo‘yicha tahririyat elektron pochtasiga, yoki konselyariya_AXI manzili bo‘yicha institut E-xat orqali jo‘natilishi mumkin.
Maqola matni o‘zbek, rus va ingliz tillaridan birida yozilgan bo‘lishi mumkin. Maqolaning nomi hamda uning 5-8 qator hajmdagi annotatsiyasi, 8-10 so‘zlardan iborat kalit so‘zlari o‘zbek, rus va ingliz tillarida berilishi lozim.
2. Chop etishga qabul qilingan maqolalar Jurnal tahririyati tayinlagan tahrirchi tomonidan tekshiriladi, tahririyat xay’ati a’zolaridan biri tomonidan taqriz hamda mutaxassis tomonidan maxfiylik darajasi to‘g‘risida ekspert xulosasi beriladi. Ekspert xulosasiga ko‘ra ochiq axborot vositasida chop etishga tavsiya etilmagan maqolalar jurnalda chop etilmaydi. Bu haqida muallifga xabar beriladi.
Maqolani rasmiylashtirish talablari
1. Maqola matni “MS Word” matn muxarririda 12 o‘lchamdagi “Times New Roman” shriftida terilgan bo‘lishi kerak.
2. Maqola hajmi qatorlar orasida bir intervalda terilgan matn hisobida (jadvallar, rasmlar va adabiyotlar ro‘yxati bilan birgalikda) 10 betdan oshmasligi kerak. Muayyan mavzu bo‘yicha maqolaga buyurtma berilgan ayrim hollarda maqola hajmining ko‘proq bo‘lishiga ruxsat etiladi.
3. Varaq o‘lchami: 210x297 mm (A4 - format). Matn chegarasi: chapdan 3,5 sm va o‘ngdan – 1,5 sm, yuqoridan - 2,0 sm, pastdan – 2,0 sm bo‘lishi kerak.
4. Maqoladagi materiallarda eng zaruriy statistik hisob-kitob natijalari, ifodalarigina berilishi kerak. Maqola matnida rasmlar, grafiklar, sxemalar, jadvallar
va formulalardan keng foydalanish tavsiya etiladi.
5. Maqola boshida UDK, keyingi qatordan (berilgan o‘lchamda bosh harfda, o‘rtada, qalin qilib) maqolaning nomi, undan keyingi qatorda muallif(lar)ning ism-sharifi va familiyasi, keyingi qatorda muallifning ish joyi (OTM, tashkilot, muassasa nomi) kichik bosma harfda teriladi. Keyingi qatordan 5-8 qator hajmdagi maqola annotatsiyasi mos ravishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida (kursivda) yoziladi. Keyingi qatorda 8-10 ta so‘zdan iborat tayanch iboralar (kalit so‘zlar) bayon tilida beriladi. Bir intervaldan so‘ng maqola matni teriladi.
6. Maqola bo‘lim va punktlarga bo‘linishi mumkin. Bo‘limlarning nomi qalin shriftda alohida qatorda tegishli ravishda kichik bosma (qalin) harflar bilan terilib, matn chap tomonidan tekislanadi. Punktlar nomi matnning birinchi qatoriga (qalin qilib) kiritiladi.
7. Adabiyotlar ro‘yxati maqola oxirida, matndagi havolalar ketma-ketligi tartibida beriladi. Adabiyotlar ro‘yxatida quyidagilar ko‘rsatiladi: a) jurnalda bosilgan maqolalar uchun - muallifning familiyasi, ismi sharifi, maqolaning nomi, jurnalning nomi, nashr yili, soni yoki qismi va betlari; b) kitoblar uchun - muallifning familiyasi, ismi sharifi, kitobning nomi, nashr joyi (shahar), nashriyot nomi, nashr yili, betlari.
8. Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar ko‘rib chiqishga qabul qilinmaydi. Chop etishga qabul qilinmagan maqolalar mualliflarga qaytarilmaydi. Maqolani ko‘rib chiqish natijalarini muallif maqola tahririyatga kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat o‘tgandan keyin 70-202-71-65 telefoni orqali bilishlari mumkin. Jurnal har 3 oyda bir marta chop etiladi.
Tahririyat manzili: Toshkent viloyati, Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘oni, 176-harbiy shaharcha.